Andijon viloyati IIB apparati shaxsiy tarkibi uchun navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi "Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi" hamda “Registon maydoni"da tashkil etildi
Xabaringiz bor haftaning xar Shanba kuni Andijon viloyati IIB apparati shaxsiy tarkibi uchun “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi bo‘lib o‘tadi. Bu galgi dars jarayonlari Andijon shahrining Eski shahar hududida joylashgan "Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi" hamda “Registon maydoni"da tashkil etildi.
Ushbu muzey Respublikamizdagi boy tarixga ega bo‘lgan ilmiy maʼrifiy maskan hisoblanadi. Muzey bosh binosida tarix bo‘limining “Qo‘xna va navqiron Andijon” ekspozitsiyasi, shuningdek, tabiat bo‘limida “Vodiyning tabiati, o‘simliklari va hayvonot dunyosi” hamda muzey fondida saqlanayotgan viloyatimizning taniqli rassom va xalq amaliy sanʼati ustalarining ko‘rgazmalari mavjud. Ekspozitsiyalar 2017 yilda qayta tashkil etilgan. Muzeyga aholini, ayniqsa, sayyohlarni ko‘proq jalb qilish maqsadida ushbu ekspozitsiya va ko‘rgazmalar muntazam ravishda yangilanib, yangi eksponatlar bilan boyitilib turiladi.
Andijon viloyati IIB apparati shaxsiy tarkibi ushbu muzeyning tarix bo‘limi ekspozitsiyasida Farg‘ona vodiysida davlatchilikning kelib chiqishi, shakllanishi va taraqqiyot tarixini noyob osori-atiqalar orqali tomosha qildililar.
Bundan tashqari Andijon, Farg‘ona vodiysining eng qadimiy shaharlaridan biri hisoblanadi. Shaharning paydo bo‘lishi haqida yozma manbalar juda kam bo‘lganligi tufayli, o‘lka tarixini o‘rganishda arxeologik tadqiqotlarga tayanishiga to‘g‘ri keladi. Xodimlar xam ushbu tadqiqotlar asosida Andijon tarixini ko‘zdan kechirdilar. Viloyatimizdagi mavjud 200 dan ortiq qadimiy arxeologik manzilgohlardan Dalvarzintepa, Eylatan, Sho‘rtepa, G‘ayrattepa, Chordona, Mingtepa va Lo‘mbitepa kabi yodgorliklarda qazishma ishlari olib borildi. Ushbu manzilgohlardan topilgan ashyolar muzey ekspozitsiyasida xodimlarga namoyish etildi.
Dehqonchilik va chorvachilik asosida ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, hunarmandchilikning rivojlanishi, diniy tafakkur rivojida zardushtiylikka asos solinishi qadimiy Sharqning yuqori darajada rivojlangan markazlari bilan o‘zaro madaniy aloqalar, murakkab ichki tuzilmalarga ega bo‘lgan qalʼa va ilk shaharlarning paydo bo‘lishi yirik davlatlarning tashkil topishida katta rol o‘ynagan. Ichki ishlar organlari xodimlari ushbu mavzularda ham kerakli va tarixiy maʼlumotlarga ega bo‘ldilar.
Bir so‘z bilan aytganda bugungi bo‘lib o‘tgan maʼnaviyat va maʼrifat darsi xodimlarning tariximiz haqida bilimlarini yana-da ko‘payishi, ularning tarixga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va o‘zlari uchun kerakli maʼlumotlarga ega bo‘lish imkoni berdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati