11 Noyabr 2022 yil 403

Andijon viloyati IIB boshlig‘i Asaka tumanida fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish va hal etish yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi

Xabaringiz bor Andijon viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik A.T.Raxmatullayev tomonidan joylarda sayyor qabullar o‘tkazish orqali fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish va hal etish ishlari olib borilmoqda. Bu galgi sayyor qabul viloyatning Asaka tumani, Navoiy mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sayyor qabulga ichki ishlar organlari xodimlari, tumandagi boshqa mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari jalb etildi.

Qabul davomida fuqarolar tomonidan kelib tushgan 39 turli masalalardagi murojaatlar ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun kredit olish, ishga joylashish, davolanish uchun moddiy yordam va order ajratish, elektr simlari qo‘yib berish, probatsiya hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID karta rasmiylashtirish hamda boshqa bir qator masalalar shular jumlasidandir.

Mazkur murojaatlarning 18 tasi joyida ijobiy hal etilib, qolgan 21 tasi tegishli tartibda ijroga yo‘naltirildi.

Sayyor qabul davomida 3 nafar shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalari boshqarma boshlig‘i tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Murojaatlar qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun yurituvga olinib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli sohaviy xizmat rahbarlariga zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech