Andijon viloyati IIB boshlig‘i Bo‘ston tumanida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi
Bugun yurtimizda xalq bilan muloqotning ochiq va samarali mexanizmlari hayotga tatbiq etilmoqda. Natijada yurtdoshlarimizni o‘ylantirayotgan muammolar chuqur o‘rganilib, ularning yechimiga keng yo‘l ochilyapti.
Joriy yilning 9-dekabr kuni Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.T.Raxmatullayev tomonidan Bo‘ston tumani hokimligi majlislar zalida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan o‘tkazilgan sayyor qabulda ham aholi muammolari chuqur o‘rganilib, ularning aksariyatiga amaliy yechim topildi.
Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan kelib tushgan 40 dan ortiq murojaatlar tinglanib, ularning masalalari tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Ishga joylashish, o‘qish uchun kontrakt to‘lovlarini to‘lash, moddiy yordam ko‘rsatish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportini olish hamda boshqa turli masalalarda kelib tushgan ko‘plab murojaatlar joyida ijobiy hal etildi.
Xususan, 3 nafar yoshlarga kontrakt to‘lovi va yana 2 nafariga muddatli harbiy xizmat to‘lovi uchun sertifikatlar, shuningdek, 5 nafar o‘g‘il-qizlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID-kartalari topshirildi.
Shuningdek, muddat talab qiladigan muammolarning bartaraf etilishi yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga bir qator vazifalar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati