27 Oktyabr 2022 yil 392

Andijon viloyati IIB boshlig‘i Qo‘rg‘ontepa tumanida fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish va hal etish yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi

Xabaringiz bor Andijon viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik A.T.Raxmatullayev tomonidan joylarda sayyor qabullar o‘tkazish orqali fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish va hal etish ishlari olib borilmoqda. Bu galgi sayyor qabul viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumani “Yortiboshi” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun bo‘lib o‘tdi.

Mazkur sayyor qabulga ichki ishlar organlari xodimlari, tumandagi boshqa mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari jalb etildi.

Qabul davomida fuqarolar tomonidan kelib tushgan 29 ta murojaat tinglandi. O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini qabul qilish va ID karta rasmiylashtirish, probatsiya hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilish, subsidiya asosida tikuv mashinasi berish, imtiyozli kredit pullarini olish,  elektr simlari qo‘yib berish, kontrakt pullarini to‘lab berish, ishga joylashish, davolanish uchun moddiy yordam va order ajratish hamda ichimlik suvi masalasi shular jumlasidandir.

Mazkur murojaatlarning 19 tasi ijobiy hal etildi. 8 tasi viloyat Xalq qabulxonasi orqali tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish uchun vakolatli davlat organlariga yuborildi.

O‘tkazilgan sayyor qabul natijasiga ko‘ra 4 nafar probatsiya hisobida turgan shaxslarni jazodan muddatidan oldin ozod qilish masalasidagi murojaatlari joyida ko‘rib chiqilib tegishli sudlarga taqdimnomalar kiritilishi taʼminlandi. Yana 4 nafar shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar joyida rasmiylashtirib berildi. Shuningdek, 4 nafar fuqaroning tikuv mashinasi ajratish haqidagi murojaati joyida ijobiy hal etildi.

Sayyor qabul davomida aholi muammolarini o‘rganish, aniqlangan muammolarni hal etish choralarini ko‘rish, hal etilishi maʼlum muddatni talab etadigan holatlarda aniq muddatlarni belgilab, bu haqda murojaatchilarga tushuntirishlar berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech