Andijon viloyati IIB boshlig‘i tomonidan Andijon shahri 3-sektor hududida yashovchi aholining murojaatlari tinglandi
Fuqarolarning murojaatlariga doimiy eʼtibor qaratish jamiyat rivoji va yurt taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Shu bois barcha tizimlarning rahbarlari aholi bilan muntazam muloqotlar o‘tkazib, yurtdoshlarimizni har qanday muammolariga o‘z vaqtida yechim topishga harakat qilmoqdalar.
Andijon viloyati IIB boshlig‘i A.T.Raxmatullayevning Andijon shahrining 3-sektor hududida yashovchi fuqarolari uchun navbatdagi sayyor qabuli Andijon olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘lib o‘tdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy hamda ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq 30 dan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqildi.
Jarayonda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID karta olayotgan 5 nafar yigit va qizga fuqarolik hujjati tantanali ravishda topshirilib, yoshlarga mamlakatimiz ravnaqi yo‘lidagi faoliyatlarida omadlar tilandi. Shuningdek, murojaatga ko‘ra 1 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, yana 1 nafar hunarmand yigitga yog‘ochlarga rang berish dastgohi berildi.
Sayyor qabul davomida 6 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorliklarini rivojlantirish maqsadida subsidiya asosida asbob-uskunalar sotib olishlari uchun vaucherlar taqdim etildi.
Shuningdek, probatsiya hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish, davolanish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish, moddiy yordam olish kabi murojaatlarning 28 tasi joyida ijobiy hal etilib, 4 tasi tegishli tartibda ijroga yo‘naltirildi.
Nazoratga olingan masalalar yuzasidan masʼullarga tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati