18 Aprel 2022 yil 409

Andijon viloyati IIB boshlig‘i tomonidan oliy taʼlim muassasalarining talaba-yoshlari bilan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan ochiq muloqot o‘tkazildi

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davomida yoshlarimizga alohida eʼtibor qaratilib, ularni ijtimoiy jihatdan shakllantirish, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish maqsadida qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganidan keyin imzolagan ilk qonun hujjati “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bo‘lgani ham bunga yaqqol bir misoldir.

Bugun Andijon davlat universiteti binosida Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.T.Raxmatullayev ishtirokida viloyatdagi mavjud 8 ta oliy taʼlim muassasalarining talabalari bilan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Unda ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i talaba-yoshlar bilan ular orasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan so‘z yuritdi.

Talabalar bilan ochiq muloqot davomida yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, unga sabab bo‘layotgan omillar yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berildi. Shuningdek, boshqarma boshlig‘i talaba-yoshlarning qiziqtirgan savollariga ham javoblar berib, ular tomonidan bildirilgan taklif-mulohazalarni tingladi.

Tadbir davomida huquqbuzarlik va jinoyatlarni oldini olish bo‘yicha viloyatdagi 8 ta oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ochiq muloqot so‘ngida huquqiy targ‘ibotlarda faol ishtirok etgan 15 nafar talaba-yoshlar boshqarma boshlig‘i tomonidan esdalik qo‘l soatlari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech