Andijon viloyati IIB boshlig‘i tomonidan Ulug‘nor tumanida aholi murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazildi
Xalq bilan muloqot qilish tizimini yanada takomillashtirish, aholi uchun dolzarb bo‘lgan muammolarni tezkor hal etish maqsadida Andijon viloyati IIB boshlig‘i A.T.Raxmatullayev tomonidan viloyatimizning barcha shahar-tumanlarida sayyor qabullar o‘tkazilib kelinmoqda.
Ushbu ezgu maqsad yo‘lida joriy yilning 9-avgust kuni Ulug‘nor tumani hokimligi binosida mutasaddi tashkilotlar rahbarlarini jalb etgan holda Shahriobod MFY hamda 3-sektor hududida yashovchi aholining murojaatlari tinglandi.
Qabul davomida sog‘liqni saqlash, ishga joylashish, oilaviy tadbirkorlik qilish bo‘yicha imtiyozli kredit ajratib berish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID karta rasmiylashtirish, probatsiya hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish hamda boshqa masalalarda jami 24 ta murojaat ko‘rib chiqildi.
Ushbu murojaatlarning 14 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 2 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuncha berildi. Shuningdek, qolgan 8 ta masala tegishli tartibda ijroga yo‘naltirildi.
Murojaatlarni qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun yurituvga olinib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli sohaviy xizmat rahbarlariga zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati