Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari hamda sportchilar ishtirokida faol va uyushmagan yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimiz taraqqiyoti har tomonlama o‘sib-unib kelayotgan navqiron avlodning taʼlim tarbiyasi, maʼnaviyati va madaniyati bilan chambarchas bog‘liq. Yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, g‘amxo‘rlik mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning eng ustuvor yo‘nalishidir.
Har bir sohada qo‘lga kiritilayotgan marralar, yutuqlar ana shu g‘amxo‘rlik va qo‘llab-quvvatlashning yorqin ifodasidir. Vatan taqdiriga daxldor ekanligini his qilib yashash va berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish har bir O‘zbekiston farzandining muqaddas burchidir.
Shu maqsadda Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Isomiddin Ismanov boshchiligida Andijon iqtisodiyot va qurilish institutining majlislar zalida viloyatdagi barcha shahar-tumanlarda yashovchi faol va uyushmagan yoshlar bilan vatanga muhabbat va vatanparvarlikni oshirish yuzasidan mashhur sportchilar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda boks bo‘yicha olimpiada chempioni Muxammadqodir Abdullayev va aralash jang sport turi bo‘yicha jahon chempioni Shoxasan Mirzamatovlar ishtirok etdi.
Sportchilar o‘zlarining qanday qilib muvaffaqiyatga erishganlari, ularni qanday yengib o‘tganliklari to‘g‘risida gapirib, yoshlarga vatanparvarlik, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, vaqtdan unumli foydalanish va ertangi kun uchun harakat qilishlari haqida motivatsion misollar bilan gapirib o‘tdilar.
Uchrashuvda ishtirok etayotgan yoshlar sportchilar bilan muloqotga kirishar ekan, o‘zlari uchun qiziq bo‘lgan savollarga kerakli javoblarni oldilar.
Tadbir so‘ngida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishda ichki ishlar organlari xodimlariga yaqindan yordam berib kelayotgan 4 nafar yoshlarga vazirlikning qo‘l soatlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, 30 nafar yoshlarga qalqon guruhi ko‘krak nishoni topshirildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati