Andijon viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi tomonidan talonchilik jinoyati fosh etildi
2023-yil 8-fevral kuni Andijon viloyati, Buloqboshi tumanida yashovchi E.A Andijon viloyati IIBning “102” raqamiga telefon orqali xabar qilib, Buloqboshi tumanida notanish shaxslar E.A ning narxi 5.000.000 so‘mga teng bo‘lgan bir dona “Redmi NOTE 10 PRO” rusumli telefon apparatini bir marotaba foydalanish uchun olib, telefon apparatni qaytarmasdan matiz avtomashinasida nomaʼlum tarafga ketib qolganligini maʼlum qilgan.
Ushbu holat yuzasidan kuzatuv kameralaridan olingan videotasvir, Andijon viloyati IIB EKMda mavjud “Shaxsni identifikatsiya qilish tizimi” orqali tekshirilganida, ushbu talonchilik jinoyatini sodir etgan fuqaro Andijon tumanida yashovchi M.Z ismli shaxs ekanligi aniqlangan.
Bundan tashqari tezkor surishtiruv davrida fuqaro M.Z tomonidan 2023-yil 7-fevral kuni ham Buloqboshi tumanida, telefon orqali tanishiga qo‘ng‘iroq qilib olish maqsadida fuqaro T.Q.ning narxi 1.500.000 so‘mga teng bo‘lgan “Redmi NOTE 8T” rusumli telefon apparatini talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanligini maʼlum qilgan. Holat bo‘yicha fuqaro M.Z tomonidan olib ketilgan telefon apparatlari xolislar ishtirokida bayonnoma orqali olingan.
Hozirda Buloqboshi tumani IIB Tergov guruhi tomonidan fuqaro M.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati