Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan talabalar o‘rtasida sog‘lom muhitni taʼminlash va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan davra suhbati bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 15-fevral kuni Andijon davlat chet tillari institutida talabalar o‘rtasida sog‘lom muhitni barqarorlashtirish hamda jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan yig‘ilishni Andijon davlat chet tillari institutining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori B.Ahmedov ochib berdi va bugungi kunda talabalar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish, institutda olib borilayotgan ahloqiy-tarbiyaviy ishlar to‘g‘risida maʼlumot berib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari A.Mirzayev nutq so‘zlab, yuzaga kelayotgan jinoyatlarning maʼlum foizi yoshlar tomonidan sodir etilayotganligi, huquqbuzarliklar sodir etgan yoshlarning aksariyati qonunlarni, o‘z huquq va majburiyatlarini to‘liq bilmasliklari yoki qandaydir tashqi muhit taʼsiri oqibatida jinoyatga qo‘l urayotganligini taʼkidladi.
Ayniqsa bugungi kunda firibgarlik jinoyatini sodir etayotganlar, qiziqqonlik oqibatida atrofidagilarga noqasddan yoki qasddan tan jarohati yetkazayotganlar, qasddan odam o‘ldirayotganlarning aksariyati jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoq jazosiga mahkum etilishini bilmasliklari tergov jarayonida maʼlum bo‘layotganligini aytib o‘tdi.
Tadbir davomida qasddan odam o‘ldirish jinoyatlarining ayanchli oqibatlari aks etgan videorolik talabalar eʼtiboriga namoyish qilindi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati