8 Fevral 2023 yil 333

Andijon viloyati IIB JXX Probatsiya boshqarmasi tashabbusi bilan probatsiya hisobida turgan nazorat ostidagi shaxslarning muammolarini o‘rganish bo‘yicha "Sayyor qabul" va "Ishga marhamat" mehnat yarmarkasi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2018-yil 7-noyabr kungi “Jinoyat ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4006-sonli qaroriga asosan Probatsiya xizmati tashkil etilgan bo‘lib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarga hukm qilinganlarni nazorat qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilindi. Xususan, 2023-yil Davlatimiz rahbari tomonidan “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan, joriy yil boshidan Probatsiya nazorati ostida tugan shaxslarga eʼtiborni kuchaytirgan holda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-fevral kungi «Ichki ishlar organlari Probatsiya xizmati faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 84-son qarori ijrosi yuzasidan shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari Probatsiya bo‘linmalari hisobida turgan nazorat ostidagi shaxslarni Qarorda ko‘rsatilgan mutasaddi tashkilotlar va “Ishga marhamat Monomarkazi” bilan hamkorlikda ularni bandligini, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash orqali ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning muammolarini bartaraf etish maqsadida Probatsiya boshqarmasi maʼmuriy binosida keng ko‘lamli Mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Tashkil etilgan mehnat yarmarkasi davomida ish izlab yurgan jami 6 nafar shaxsning bandligi taʼminlanib, 9 nafariga ishga yo‘llanma berildi.  Yana 5 nafar muayyan kasbga ega bo‘lmagan shaxslar o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha “Monomarkaz” tomonidan taqdim etilgan o‘quv kurslariga jalb etilib, ro‘yxatdan o‘tkazilishiga erishildi.

Shuningdek, Probatsiya boshqarmasi boshlig‘i va mutasaddi tashkilot masʼullarining nazoratdagi shaxslarni muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish bo‘yicha “Sayyor qabuli” tashkil etilib, qabul jarayonida ishtirok etgan jami 85 nafar nazoratdagi shaxsdan 11 ta muammo aniqlanib, ularning 7 tasini joyida hal qilish chorasi ko‘rildi. Qolgan 4 ta muammoni hal qilish bo‘yicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Qabul jarayonida tadbirga jalb etilgan 72 nafar yoshlarga Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 07 iyun kungi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-sonli qarorida ko‘rsatilgan 20 turdagi imtiyozlarning berilish tartiblari atroflicha tushuntirib o‘tildi.

Tadbirda nazoratdagi shaxslar bilan mutaxassis psixologlarni jalb qilgan holda o‘quv seminari, psixologik trening va tibbiy ko‘rik ham tashkil etildi.Xususan, o‘ziga ishonchi yo‘qolgan va ruhiy daldasi yetishmayotgan nazorat ostidagi shaxslar o‘rtasida musaffo va  tinch hayotga, ozodlikni qadriga yetishga hamda qonunlarga hurmat ruxini shakllantirishga qaratilgan yakka tartibdagi psixologik suhbatlar o‘tkazilib, ularning psixologik portretlari tuzildi.

Shuningdek, Jazolarni ijro etish muassasalaridan Probatsiya hisobiga chiqqan 8 nafar yangi hisobga olingan nazorat ostidagi shaxslar tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi taʼminlanib, ularni orasidan 1 nafar ambulator davolanishga muhtoj bo‘lgan shaxsga yo‘llanma berilib, kerakli dori-darmon bilan taʼminlandi.

Bundan tashqari, tashkil etilgan uchrashuv va seminarda nazorat ostidagi shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularga har tomonlama yordam berish maqsadida to‘liq taftishdan o‘tkazilgan xolda o‘rganilib, ular orasidan aniqlangan kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtojlarini tegishliligi bo‘yicha “Temir”, “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlariga tizimli kiritib borish amaliyoti joriy qilindi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech