Andijon viloyati IIB rahbariyati tashabbusi bilan boquvchisini yoʻqotgan bolalar uchun bayram tadbiri oʻtkazildi
Oʻsib kelayotgan yosh avlodni hozirdanoq ichki ishlar organlariga boʻlgan qiziqishini uygʻotish orqali yetuk kadrlar boʻlib yetishishlarini taʼminlash maqsadida Andijon viloyati IIB rahbariyati hamda Kasbiy tayyorgarlik boʻlimi tashabbusi bilan joriy yilning 26-avgust kuni viloyat hududida yashovchi 12 yoshgacha boʻlgan boquvchisini yoʻqotgan bolalar ishtirokida mustaqilligimizning 30 yilligi bayrami munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Tadbirga Andijon shahri hamda barcha shahar-tumanlardan jami 32 nafar 7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar taklif qilindi.
Dastlab, bolajonlar viloyat IIB Tibbiyot boʻlimiga olib borilib, tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shifokorlar tomonidan ularga tegishli maslahatlar berilib, kerakli dori-darmonlar hamda foydali vitaminlar tarqatildi.
Shundan soʻng, viloyat IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasiga tashrif buyurdilar. U yerda xizmat avtomashinalari hamda ichki ishlar organlari xodimlarining maxsus vositalari, xizmat otlari bilan tanishtirilib, xodimlar uchun moʻljallangan ovqatlanish joyida ertalabki nonushta ham tashkil etildi.
Andijon viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadiga qilingan tashrif ham bolajonlarda oʻzgacha taassurotlar qoldirdi. Ular xizmat avtomashinalari, maxsus vositalar va oʻq otar qurollar bilan yaqindan tanishtirilib, barchaning eʼtiboriga koʻrgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Shuningdek, bolalar oʻrtasida “Turnikda tortilish”, “Tosh koʻtarish”, “Argʻimchoqda sakrash” va Pnevmatik quroldan oʻq otish “Merganlik” sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi.
Ular uchun uyushtirilgan konsert dasturida madaniy hordiq oldilar. Bundan tashqari shu kuni bolalar viloyat IIB Kinologiya xizmati faoliyati bilan tanishish uchun olib borilib, u yerda xizmat itlari bilan turli koʻrinishdagi chiqishlar namoyish etildi.
Tadbir yakunida bolalar viloyat IIBning “Shon-sharaf” muzeyiga tashrif buyurdilar. U yerda Andijon viloyati IIBning tarixi hamda u yerdagi barcha eksponatlar bilan tanishtirib chiqilib, ularga oʻquv anjomlari, sport kiyimlari, kitoblar va bayram tabriknomalari boshqarma boshligʻining oʻrinbosari polkovnik Abduvohid Imyaminov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati