6 Iyun 2023 yil 424

Andijon viloyatida “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasida  Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumanida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi

Andijon viloyatida “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasida o‘tkazilayotgan navbatdagi targ‘ibot tadbirlari 6 iyun kuni Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumanida tashkil etildi.

Dastlab, Xonobod shahar hokimligi majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida amalga oshirilayotgan kompleks targ‘ibot-tashviqot ishlari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar, ularga qarshi kurashish va bu turdagi jinoyatlardan jabrlanib qolishga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida  batafsil maʼlumotlar berilib, fuqarolarning savodxonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilishiga qaramay, bu turdagi jinoyatlar salmog‘i ortib borayotgani aniq misollar yordamida aytib o‘tildi.

Shuningdek, 5-12 iyun kunlari Andijon viloyatida barcha korxona, muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan 12 turdagi profilaktik chora-tadbirlar to‘g‘risida ham atroflicha maʼlumotlar yetkazildi.

Xonobod shahridagi harbiy qismda davom etgan tadbirda ham kiberjinoyatchilikni oldingi olishga  qaratilgan choralar yuzasidan  batafsil maʼlumotlar berildi

Xususan, bugungi kunda kiberxavfsizlik tushunchasining ko‘lami faqatgina axborot texnologiyalari sanoatida axborotni himoyalash emas, balki kibermakon kabi mobil to‘lovlar, elektron savdo-sotiq va internet bank kabi eng so‘nggi texnologiyalar ham yuqori darajadagi xavfsizlikni talab etayotganligi aniq misollar orqali tushuntirildi. Tadbir so‘nggida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar berildi.

Targ‘ibot tadbiri kunning ikkinchi yarmida Qo‘rg‘ontepa tumanida davom ettirilib, tibbiyot texnikumi va “Muruvvat” uyida o‘tkazildi.

Unda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar bo‘yicha maʼlumotlar berildi. Xususan, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan maqsadli foydalanishlari, shaxsiy maʼlumotlar va bank plastik karta kodlarini begona shaxslarga oshkor etmasliklari to‘g‘risida suhbatlar uyushtirilib, barcha ogohlikka chaqirildi

“Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasidagi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech