Andijon viloyatida “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasidagi navbatdagi targ‘ibot tadbirlari Asaka va Baliqchi tumanlarida bo‘lib o‘tdi
Andijon viloyatida “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasida o‘tkazilayotgan navbatdagi targ‘ibot tadbirlari joriy yilning 7-iyun kuni Asaka va Baliqchi tumanlarida o‘tkazildi.
Asaka tumani hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi masʼul xodimlari tomonidan aholi o‘rtasida amalga oshirilayotgan kompleks targ‘ibot-tashviqot ishlari yuzasidan atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Suhbat davomida internetdagi yolg‘on axborotlar orqali fuqarolarning plastik kartasi yoki shaxsiy hisobidan mablag‘lar yechib olinishi, qimmat narxdagi mahsulot yoxud mulkni arzon bahoda taklif etib, turli to‘lovlar undirilishi va bu tarmoq foydalanuvchisini kelgusida firibgarlik qurboniga aylantirayotgani va boshqa holatlar xususida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, Baliqchi tumanida ijtimoiy soha vakillari hamda o‘quvchi yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy maʼlumotlarni hech kimga oshkor qilmaslik, bank plastik karta kodlarini begona shaxslarga berib firibgarlik qurboniga aylanib qolmaslik yuzasidan atroflicha tushunchalar beriladi.
“Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasidagi targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati