Andijonda 18 ming AQSH dollari evaziga “GASHISH” giyohvandlik vositasini sotmoqchi bo‘lgan jinoiy guruh qo‘lga olindi
Andijon shahrida yashovchi fuqaro Ya.X tanishlari Rossiya Federatsiyasi fuqarosi M.M, Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi R.U hamda Asaka tumanida yashovchi M.E.lar bilan ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanish maqsadida o‘zaro jinoiy til biriktirishib, shu yilning 05 mart kuni soat 18:00 larda Asaka tumani, “Kujgan” MFY hududida xolis xaridorga 18 ming AQSH dollari evaziga 1.723 gramm miqdordagi “GASHISH” giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi va Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida ushlandi.
Voqea joyidan 1.723 gramm miqdordagi “GASHISH” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, M.E.ning yashash xonadoni tandir xonasi oldidan 54,73 gramm, Ya.X.ning egnidagi shimining cho‘ntagidan 0,43 gramm, M.M.ning egnidagi kiyimining cho‘ntagidan 0,33 gramm “GASHISH” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Mazkur holat yuzasidan shu yilning 06 mart kuni Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yuqoridagi shaxslar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanganlar.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati