Andijonda 69 nafar abiturient taqiqlangan buyumlar olib kirishga uringanligi sababli test imtihonidan chetlashtirildi
Andijon viloyatidan joriy yilda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish istagini bildirgan jami 106 ming 697 nafar abiturient ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 96 ming 57 nafar abiturient bevosita Andijonda o‘tkaziladigan test sinovlarida ishtirok etadi. Ayni kunlarda Andijon shahridagi "Barkamol avlod" majmuasida oliy ta'lim muaasasalariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.
Test jarayonlarini belgilangan tartiblar asosida va yuqori saviyada o‘tkazish, xavfsizlikni ta'minlash, shuningdek, abiturientlarni test o‘tkaziladigan maydonlarga koronavirus infeksiyasi yuqishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha belgilangan tartiblarga amal qilgan holda kiritish maqsadida ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Milliy gvardiya hamda sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari jalb qilingan.
Xususan, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasining 170 nafar xodimlari va 12 ta xizmat itlari test jarayonlarida xavfsizlikni ta'minlashda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishmoqda.
Shuningdek, test sinovlariga olib kelingan transport vositalariga hamda abiturientlarning yaqinlari uchun ham qulayliklar yaratilmoqda.
Imtihondan oldin abiturientlarning test hududiga taqiqlangan narsalarni olib kirishlari mumkin emasligi haqida ogohlantirish ishlari olib borilgan bo‘lsa ham, ularning ayrimlari tomonidan ichkariga turli narsalar olib kirish holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, test sinovlarining o‘tgan sakkiz kuni mobaynida jami 69 nafar abiturient taqiqlangan buyumlar olib kirishga uringanligi sababli test imtixonidan chetlashtirilgan.
Andijon viloyati IIB xodimlari boshqa hamkor tashkilotlar bilan xamjixatlikda test jarayonlarini belgilangan tartiblar asosida o‘tkazilishini ta'minlanishida o‘zlarining xissalarini qo‘shmoqdalar. Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilayotgan test sinovlari esa davom etmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati