6 Iyun 2022 yil 532

Andijonda avtomashina oʻgʻirligi ekspert-kriminalistika markazining zamonaviy raqamlashtirilgan identifikatsiya tizimi orqali fosh etildi

Joriy yilning 15-may kuni soat 22:00lar chamasida fuqaro Yu.I.Bakirov Andijon viloyati IIBning “102” qisqa raqamiga xabar berib, oʻziga tegishli boʻlgan davlat raqami 60 U 660 KA «Jentra» rusumli avtomashinasini Andijon tumani, Bogʻishamol dahasida joylashgan “Tandir” oshxonasi yoniga qoʻyib, oʻzi ovqatlanib qaytib chiqqan vaqtda nomaʼlum shaxslar tomonidan olib qochilganligini maʼlum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyat IIB Navbatchilik qismi tomonidan zudlik bilan “Toʻsib ushlash” rejasi harakatga keltirilib, xabarnomalar tarqatilib, holat yuzasidan Andijon tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Andijon viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv va qidiruv harakatlari davomida, nomaʼlum shaxs avtomashinani hodisa sodir boʻlgan joydan Namangan viloyati yoʻnalishiga harakatlanib olib qochganligi aniqlangan.

2022-yil 19-may kuni Baliqchi tumani, Tumor MFY, Andijon koʻchasida joylashgan “Andijon metan biznes” MCHJga qarashli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasidagi videokuzatuv moslamalari koʻzdan kechirilganida, 2022-yil 15-may kuni davlat raqami 60 U 660 KA boʻlgan «Jentra» rusumli avtomashinasiga gaz quyilganligi maʼlum boʻldi. Ushbu videoyozuvlar xolislar ishtirokida bayonnoma orqali olinib, Andijon viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markaziga taqdim qilindi.

Taqdim etilgan videoyozuvlar ekspertlar tomonidan sinchkovlik bilan oʻrganilganida gumon qilinuvchi shaxsning yuz qismi toʻlov kassasiga joylashgan kuzatuv kamerasiga qisqa soniyalar ichida qisman tushganligi aniqlandi.

Ushbu videoyozuvdagi gumon qilinuvchi shaxs kompyuterning maxsus programmalari orqali suratga olinib, shaxsni yuz tuzilishi boʻyicha identifikatsiya qilish tizimi orqali tekshirilganida viloyat IIB EKM katta ekspertining ekspert maʼlumotnomasiga asosan, mazkur avtomashinani boshqarib kelgan va videokuzatuv kamerasiga tushib qolgan shaxs Buloqboshi tumanida yashovchi fuqaro Z.P ekanligi maʼlum boʻldi. U bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida, davlat raqami 60 U 660 KA boʻlgan «Jentra» rusumli avtomashina Z.P tomonidan olib qochilib, Namangan shahar, Paxtakor koʻchasi, 15-uy oldiga tashlab ketilganligi aniqlandi va avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilib, bayonnoma orqali olindi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech