4 Oktyabr 2022 yil 371

Andijonda bog‘chalarda tarbiyalanayotgan bolalarning salomatligini asrash masalalari yuzasidan viloyat IIB, viloyat prokuraturasi, sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi masʼul rahbarlari hamda autsorsing kompaniya direktorlari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi  

Farzandlarimizning sog‘lom o‘sishi, ularning tarbiyasi va bilim olishlari-yu atrofdagi insonlar bilan muloqotga kirishishida maktabgacha taʼlim tashkilotlarining o‘rni katta. Mazkur tashkilotlarda farzandlarimizga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, ularning nazorat qilinishi yuzasidan Andijon viloyati IIB, viloyat prokuraturasi, viloyat sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi masʼul rahbarlari hamda autsorsing kompaniya direktorlari ishtirokida Andijon viloyati maktabgacha taʼlim boshqarmasida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.  

Uchrashuv viloyatimiz hududida joylashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilishni tashkil etish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ishlar hamda ular isteʼmol qilayotgan mahsulotlarni sifatini nazorat qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlandi.       

Bugungi kunda, Andijon viloyati hududida jami 516 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ushbu tashkilotlarga 104 ta oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatlar xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Uchrashuvda so‘z olganlardan Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, Tergov boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik I.Fayzullayev tomonidan viloyat hududida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sohaga oid sodir etilayotgan qonunbuzarlik holatlari, mazkur tashkilotlarga “Autsorsing” tizimi orqali xizmat ko‘rsatib kelayotgan tadbirkorlarning faoliyati hamda ular tomonidan bog‘chalarga yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini sifatini nazorat qilishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar  to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng, videoselektor ishtirokchilariga oxirgi bir oy davomida, respublikamizda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sodir bo‘layotgan salbiy holatlar to‘g‘risida maʼlumotlar yetkazildi va ushbu holatlardan o‘rinli xulosa chiqarish kerakligi tushuntirib o‘tildi. 

Bundan tashqari, bolalarni tashkilotga kelib-ketishida ota-onalar yoki ularni o‘rnini bosuvchi shaxslar aynan javobgar ekanliklari, ushbu vazifalarga beparvolik oqibatida sodir bo‘layotgan baxtsiz hodisalar misollar orqali tushuntirib o‘tildi.    

Tadbir yakunida, bolalarning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilishni tashkil etish tartibini kuchaytirish maqsadida taʼlim tashkilotlarida chora-tadbirlar mukammal belgilanishiga jiddiy ahamiyat berilishi, kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda taʼlim tashkilotlariga sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishga jiddiy eʼtibor qaratish masalalarida alohida ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech