24 Sentyabr 2021 yil 635

Andijonda “Eng yaxshi ichki ishlar organi boshlig‘i” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 24 avgust kungi “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 539-sonli Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 22 sentyabr kuni “Eng yaxshi ichki ishlar organi boshlig‘i” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi.

Ko‘rik tanlov bir qator shartlar asosida bo‘lib o‘tdi. Dastlab  tuman-shahar IIB boshliqlari jismoniy tayyorgarlik bahslarida to‘sinda tortilish hamda 100 metrga yugurish bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. Jangovar tayyorgarlik bahslarida Makarov pistoletini to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish hamda 50 metr masofadan o‘q otish bo‘yicha ham bahslashdilar. Shundan so‘ng, ishtirokchilarning bilim hamda individual psixologik xususiyatlari darajasini aniqlashga qaratilgan test sinovlari olindi. Bahslar so‘ngida, ko‘rik tanlovning viloyat komissiya tomonidan har bir ishtirokchi bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Qizg‘in va murosasiz o‘tgan ko‘rik tanlov yakunlariga ko‘ra 3-o‘rin Xonobod shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Boltayev Murodjon Bahodirovga, 2-o‘rin Marhamat tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Qosimov Jamshidbek Komilovichga hamda mutloq g‘oliblik va 1-o‘rin Paxtaobod tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Islamov Azizbek Rustamjonovichga nasib etdi.

Musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan ishtirokchilar kelgusida respublika miqyosida o‘tkaziladigan final bosqichida Andijon viloyati sharafini himoya qiladi.

Hozirda xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush-tarzi, kitobxonlik madaniyati hamda intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan ko‘rik tanlovlar, seminar-treninglar davom ettirilmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech