Andijonda karantin vaqtida shahar hududida transport vositasida erkin harakatlanish huquqini beruvchi «Karantin COVID-19» maxsus ruhsatnomasini sohtalashtirgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Andijon viloyati bo‘yicha bo‘limiga kelib tushgan ma'lumotga asosan muqaddam sohta hujjatlarni tayyorlaganligi uchun sudlangan fuqaro A.Sh tomonidan koronavirus pandemiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida Andijon shahri hududida transport vositalarini maxsus ruhsatnomalar asosida yurishini tartibga solish uchun chiqarilgan «Karantin COVID-19» maxsus ruxsatnomani qalbakilashtirish bilan shug‘ullanayotganligi yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB va viloyat IIB YHXB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tezkor tadbir davomida, fuqaro A.Sh yaqin qarindoshi A.Z bilan bir guruh bo‘lib, Andijon shahri, Chinobod ko‘chasida joylashgan yashash xonadonida «Karantin COVID-19» maxsus ruhsatnomasini rangli printer yordamida tayyorlab, 100.000 so‘m evaziga tanishi A.U ga berganligi va A.U tomonidan ushbu hujjatdan foydalangan holda o‘ziga tegishli «Damas» rusumli avtomashinasida shahar hududida harakatlanib yurganligi aniqlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida A.Sh.ning uyidan sohta 7 dona «Karantin COVID-19» maxsus ruhsatnomasi, eski turdagi haydovchilik guvohnomalari va tallonlari, notarius tomonidan berilgan ishonchnomalar tayyorlaganligi ma'lum bo‘lgan va bayonnoma orqali ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan A.Sh va A.Z.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismining «b» bandi, 228-moddasi 2-qismining «b» bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida vaqtincha ushlandi va «Qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanishi bo‘yicha chora tadbirlar belgilandi. Hozirda ushbu holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati