Andijonda kiberxavfsizlik masalalari va «Kiber yordamchi» platformasi toʻgʻrisida uchrashuvlar boʻlib oʻtdi
Xabaringiz bor ayni texnika rivojlangan bir davrda yashab kelmoqdamiz. Shunday davrda texnika imkoniyatlaridan gʻarazli niyatlarda ham foydalanayotganlar talaygina. Ana shunday holatlarni oldini olish, fuqarolarni kiberxavfsizlik toʻgʻrisida tushunchalarini oshirish maqsadida bugun Oʻzbekiston respublikasi IIV masʼul xodimlari tomonidan amaliy seminar va uchrashuvlar oʻtkazildi.
Andijon shahrida joylashgan barkamol avlod bolalar maktabi zalida Andijon shahar, Andijon hamda Asaka tumanlari maktab direktorlari shuningdek, oʻquvchi yoshlar uchun amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Mazkur seminarda IIV masʼul xodimlari Sadikov Saidjamol, Sultonov Muhsin, Atoyev Lochin hamda XTV masʼul xodimlari yigʻilganlarga kiber jinoyatlar, ularning turlari, uning oqibatlari toʻgʻrisida soʻz yuritdilar. Kiber yordamchi platformasi haqida ham amaliy tushunchalar berildi. Yigʻilganlar esa shu joyning oʻzida ushbu platformadan foydalanishni amalda sinab koʻrdilar.
Xuddi shu kuni Shahrixon tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabida IIV masʼul xodimlari hamda viloyat XTB boshligʻi A.Mirkomilov boshchiligida Shahrixon hamda Boʻston tumani maktab direktorlariga ham mazkur kun tartibidagi masalalar yuzasidan amaliy seminar va uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Uchrashuv avvalida viloyat XTB boshligʻi oʻqituvchilarda kiberxavfsizlik toʻgʻrisidagi tushunchalarni oshirish, oʻquvchilarni ham mazkur mavzuda tushunchalar berish borasida soʻz yuritdi. Ularga ham kiber yordamchi platformasi amaliy tartibda tushuntirildi.
Kunning ikkinchi yarmida Xoʻjaobod tumani 9-son bolalar musiqa va sanʼat maktabi zalida tumanda faoliyat olib borayotgan mahalla raislariga ham amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Unda IIV masʼul xodimlari, tuman hokimi hamda IIB boshligʻi ishtirok etdilar. Yigʻilganlarga ham kiber jinoyatlar toʻgʻrisida tushunchalar berildi va kiber yordamchi platformasi haqida batafsil tushunchalar berildi.
Boʻlib oʻtgan amaliy seminarlar yakunida yigʻilganlar oʻz savollari bilan masʼullarga yuzlandi va oʻzlari uchun kerakli boʻlgan javoblarni oldilar.
Bu kubi amaliy seminar yigʻilishlari viloyatimizning qolgan tumanlari uchun ham davom etadi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati