13 Aprel 2022 yil 881

Andijonda qo‘shmachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan ayollar qo‘lga olindi

Bugungi kunda ayrim nopok kimsalar yengil pul topish ilinjida qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash kabi jirkanch ishni o‘zlariga kasb qilib olib, shuning ortidan tirikchilik qilishni o‘zlariga ep ko‘rmoqdalar. Ushbu illatga qarshi Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ham ayovsiz kurash olib borilmoqda.

Xususan, joriy yilning 9-fevral kuni Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamda Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1983-yilda tug‘ilgan ayol D.I vaqtincha yashab kelayotgan xonadonida boshqa bir ayol K.Y.ni g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda 250000 so‘m miqdordagi pullar evaziga xolis mijoz bilan jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib bergan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davomida ayol tomonidan taqdim etilgan 250.000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida xolislar ishtirokida bayonnoma orqali rasmiylashtirildi.

Yana bir holat joriy yilning 14-mart kuni Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Andijon shahar hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida aniqlandi. Unda 1993-yilda tug‘ilgan ayol Sh.D yashash xonadonida 1998-yilda tug‘ilgan D.M.ni shahvoniy maqsadlarda foydalanish maqsadida saqlab, 800000 so‘m pullar evaziga bir nafar erkak bilan jinsiy aloqa qilishi uchun shart-sharoit yaratib bergan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlandi.

Tadbir davomida 800000 so‘m pullar daliliy ashyo tariqasida xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib olindi.

Hozirda yuqoridagi har ikki holat yuzasidan Andijon shahar bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech