3 Iyun 2023 yil 1310

Andijonda tovlamachilik yo‘li bilan fuqarolardan pul talab qilgan soxta ichki ishlar xodimi qo‘lga olindi

Andijon shahrida yashovchi D.E ismli ayol Andijon shahar 3-kichik daha hududidagi ko‘p qavatli uylarning birini vaqtincha foydalanish maqsadida ijaraga olib, 2023-yil 19-may kuni soat 21:00larda A.T ismli erkak tanishini taklif qiladi va ular ushbu xonadonda ko‘rishadilar.

Qo‘shtirnoq ichidagi oshiq-maʼshuqlarning xonadonda ekanliklaridan xabar topgan O.U ismli yigit ayolning ijaradagi uyiga kelib, baqir-chaqir orqali xonadon eshigini ochishiga erishib, ularga o‘zini ichki ishlar organlari Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘limi xodimi sifatida tanishtirib, o‘zi tayyorlab olgan soxta xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, xonadon ichidagi D.E ismli ayol va uning jazmani A.T ismli erkakni nopok ishlar bilan shug‘ullanayotganligini ro‘kach qilib, ushbu jarayonni o‘zining uyali telefon apparati orqali videotasvirga tushirib, ularni jinoiy javobgarlikka tortish hamda yashash manziliga borib mahallasi va yaqin qarindoshlari o‘rtasida aytib sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, A.T ismli erkakni yuz qismiga urib, “Samsung-S20” rusumli telefon apparatini tortib oladi.

Ertasi kuni o‘zini go‘yoki, huquqni muhofaza qilish organi xodimi sifatida tutgan shovvoz A.T ismli erkak bilan ko‘rishib, jazmani bilan bo‘lgan holat bo‘yicha o‘zidagi videorolikni hech kimga tarqatmaslik va holat bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmaslik evaziga 500 AQSH dollari pullarni tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib, ushbu pullarni topib kelishini aytadi.

Shuningdek, sodir etayotgan g‘ayriqonuniy qilmishlari so‘nggi vaqtda silliq ketayotganligidan shodlangan soxta xodim D.E ismli ayolning ham jazmani bilan bo‘lgan holatni yaqinlariga aytib sharmanda qilish bilan qo‘rqitib, o‘zi bilan birga ko‘ngilxushlik qilishga majbur qiladi.

“Shahar bedorvoza emas” yoxud “buzoqning yugurgani somonxonagacha” degan xalqimizning naqllari bekorga aytilmaganidek, A.T ismli erkakni soxta xodimning qilmishlari to‘g‘risidagi arizasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizligi bosh boshqarmasi Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan 2023-yil 22-may kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida soxta xodim A.T ismli fuqarodan talab qilgan 500 AQSH dollari hisobidan 3.200.000 so‘m pullarni Andijon shahar Amir Temur shox ko‘chasidagi “Avto shox bekati” hududida olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tekshiruv davomida, tovlamachining ichki ishlar organlari formasidagi bir nechta fotosuratlari hamda “leytenant” maxsus unvonidagi, IIO xizmat kiyimidagi rasmi bo‘lgan soxta xizmat guvohnomasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holat bo‘yicha Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan soxta xodimga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech