13 Avgust 2021 yil 579

Andijonda voyaga yetmaganlarga noqonuniy diniy taʼlim berib kelgan shaxslar sud tomonidan jazoga tortildi

O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahririda diniy taʼlim muassasasidan tashqarida diniy taʼlim berish noqonuniy faoliyat sifatida belgilandi. Afsuski, bugungi kunda hech qanday ruxsatnomasiz diniy taʼlim berish holatlari ham uchramoqda.

Joriy yilning 12 avgust kuni Andijon shahrida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan bir qator ishlar muhokama qilindi.

Xususan, shu yilning 24 iyul kuni Andijon shahar, Sadda MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro S.O yashash xonadonida 3 nafar voyaga yetmagan bolalarga, Andijon shahar, Obod MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro Yu.R esa yashash xonadonida 2020 yilning kuz oylaridan buyon jami 18 nafar voyaga yetmaganlarga, shuningdek, joriy yilning 5 avgust kuni Izboskan tumani, Qo‘sh-ko‘prik MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro K.A ijara asosida foydalanish uchun olgan Andijon shahrida joylashgan “Indenim” savdo majmuasining 5-qavatida jami 21 nafar voyaga yetmagan fuqarolarga tegishli ruxsatnomasiz, noqonuniy diniy taʼlim berib kelganligi aniqlangan.

Sayyor sud majlisi yakunida Jinoyat ishlar bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan O.S va R.Yu.larga nisbatan 10 sutka, A.K.ga nisbatan 12 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech