19 Aprel 2024 yil 4134

Andijon shahri bo‘yicha IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tashabbusi bilan talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi

Joriy yilning 17-aprel kuni Andijon mashinasozlik institutida talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarining oldini olishga qaratilgan “Jinoyatchilik va diniy ekstremizmga qarshi kurashish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Unda institut axborot texnologiyalari bo‘yicha prorektori Murodjon Sherboyev, Andijon shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Shohruh Mirzajonov, profilaktika inspektori, mayor Izzatillo Qahhorovlar qatnashdi.

Davra suhbatida yoshlarga o‘zlarining isteʼdod va iqtidorlarni namoyon etishlari, sifatli taʼlim tarbiya olishlari uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilayotgani qayd etildi. Afsuski, bunday imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga vaqtini bekorchi narsalarga sarflayotgan yoshlar ham borligi, oqibatda jinoyat yo‘liga kirib qolayotganligi taʼkidlandi. 

Maʼruzachilar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirib, sodir etilayotgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni sudda ko‘rilgan jinoyat ishlari misolida tanishtirib o‘tdilar.

“Har bir talaba ortida ota-ona umidi, ustozlar ishonchi bor. Ushbu ishonchni oqlash uchun umringizning eng go‘zal pallasini bekorchi narsalarga emas, vaqtdan unumli foydalanishga sarflash lozim. Bo‘lmasa jinoyat yo‘liga kirib, qonun oldida javob berishingizga to‘g‘ri kelib qoladi. So‘nggi pushaymon o‘zingga dushman, deganlaridek keyinchalik afsuslanib qolmang”, — deya o‘z maslahatlarini berdi Shohruhbek Mirzajonov

Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan mavzu va tegishli muammolar bo‘yicha savollarga soha mutaxassislaridan javob oldilar.


Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech