21 Oktyabr 2025 yil 506

Andijon shahrida sodir etilgan jinoyatlarga sabab bo‘lgan omillar keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi

Joriy yilning 20-oktyabr kuni Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Djabarovlar raisligida bo‘lib o‘tgan jinoyat muhokamasi tadbirlarida boshqarma sohaviy xizmat rahbarlari, Andijon shahar prokuraturasi hamda Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB rahbariyati, tashkilot-muassasalar mas’ullari, “mahalla yettiligi” a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

O‘tkazilgan muhokamalarda, jinoyat tafsilotlari yig‘ilganlarga ma’lum qilinib, ularning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan omillar tub ildizigacha tahlillar asosida tanqidiy muhokama qilindi. Oldini olish mumkin bo‘lgan ushbu jinoyatlarni sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan barcha mas’ullarga belgilangan tartibda jazo choralari ko‘rilishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, Andijon shahrida jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish borasidagi profilaktik ishlar talab darajasida tashkil etilmayotganligi ham tanqid ostiga olinib, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Muhokama yig‘ilishida “mahalla yettiligi” a’zolari va boshqa mas’ullar tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan o‘zlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.  

Shuningdek, o‘tkazilgan muhokamada bugungi kunda keng tus olayotgan kibefiribgarlik xususida ham atroflicha so‘z yuritildi.  Bugungi kunda fuqarolarning ushbu turdagi jinoyatlar qurboniga aylanib qolishlarida ularning ishonuvchanligi sabab bo‘layotganligi keskin tanqid ostiga olinib, barcha ogohlikka chaqirildi. 

Tadbir yakunida kelgusida bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech