Andijon shahrida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Andijon shahrining Mustaqillik mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyati yuzasidan Andijon viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik F.K.Giyasov hamda Andijon viloyati prokurorining o‘rinbosari polkovnik I.J.Babamuradovlar ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda sektor rahbarlari, "mahalla yettiligi" a'zolari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
So‘z olganlar tomonidan sodir etilgan noxush holat sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazildi. Shuningdek, kichik nizolarga va o‘zaro tortishuvlarga guvoh bo‘layotgan paytda atrofdagilarning majburiyatlari, tinchlikni saqlash oldidagi vazifalari, zudlik bilan o‘sha hududda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektoriga xabar qilish hamda boshqa bir qancha mavzularda so‘z yuritildi.
Bundan tashqari, boshqa bir insonga qasddan zarar yetkazishning gunohi og‘ir ekanligi, ikki yoki undan ko‘proq insonlar orasida nizo chiqishini tashqaridan bila turib, bunga befarq bo‘lish ham katta ayb sanalishi haqida atroflicha so‘z olib borildi. Mahalla yettiligi aʼzolari ham ushbu holat borasida o‘zlarining fikr mulohazalarini bildirishib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun bor imkoniyatlari bilan harakat qilishlarini taʼkidlab o‘tishdi.
Shuningdek, o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida o‘g‘rilik, firibgarlik va talonchilik va boshqa turdagi jinoyatlarini oldini olish va bunga imkon yaratgan shart-sharoitlar ham atroflicha tahlil qilindi. Ushbu turdagi jinoyatlarni aholi o‘rtasida muhokama etish ishlari muntazam amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuz o‘zgalar mulkini o‘g‘irlash, odamlarni aldab chuv tushirish holatlari ro‘y berayotganligi keskin tanqid ostiga olindi.
Muhokama yakunida sodir etilgan qotillik jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini bu joyda ishtirok etganlarning barchasi oila aʼzolari, qarindosh urug‘lari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati