3 May 2024 yil 4014

Andijon davlat pedagogika instituti talabalari bilan “Maʼrifat ulashib” maʼnaviy-maʼrifiy loyihasi ostida “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi

Tarix, bugun va kelajakni o‘zida mujassam etgan bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar el-yurtimiz hayotida go‘zal anʼanaga aylandi. “Maʼrifat ulashib” maʼnaviy-maʼrifiy loyihasi ostida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” Andijon davlat pedagogika instituti talabalarini ham shukuhli muhitda birlashtirdi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi “Nuroniy jamg‘armasi” Andijon viloyati bo‘limi raisi O‘.N.Oxunov, O‘zbekiston Respublikasi “Nuroniy jamg‘armasi” boshqaruvining bo‘lim boshlig‘i A.Umarov, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi Faxriylar kengashi raisi, isteʼfodagi podpolkovnik D.Yusupov, mehnat faxriysi, isteʼfodagi polkovnik S.Shamsutdinov, Andijon davlat pedagogika instituti professori, mehnat faxriysi Q.Ibaydullayevlar ishtirok etdi.

O‘zaro suhbat va muloqotlarda mamlakatimizda inson omiliga yuksak eʼtibor berilayotgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jamiyatimizning har bir aʼzosiga g‘amxo‘rlik, mehr-oqibat ko‘rsatilayotgani, inson qadr-qimmati, uning orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarishga imkoniyat yaratib berish ustuvor vazifaga aylangani bot-bot taʼkidlandi.

Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarimiz hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, nihoyat nuroniylik paytida ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom haqida o‘z dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bildirdi. El-yurt ravnaqi yo‘lida mamlakatimiz rahbariga yaqin ko‘makchi, kamarbasta bo‘lish lozimligi uch avlodga mansub yurtdoshlarimiz o‘rtasida kechgan samimiy suhbatlar bosh mavzusiga aylandi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech