Andijon Davlat universitetida “Ayol qadri” deb nomlangan jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 1-dekabr kungi topshirig‘ining ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 29-yanvar kuni Andijon Davlat universitetida ichki ishlar organlari hisobida turuvchi ayollar ishtirokida “AYOL QADRI” deb nomlangan jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari G.Abdullayeva viloyat hududida yashovchi xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, huquqiy, psixologik, tibbiy yordamlar, hukumatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar va imkoniyatlar to‘g‘risida, Andijon viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik N.Mo‘minova esa 2023 yilning 12 oyi davomida Andijon viloyati bo‘yicha xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatchilik tahlili bo‘yicha o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.
Madaniy-maʼrifiy tadbir davomida ayollar jinoyatchiligi, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan videoroliklar katta ekranda tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga havola qilindi.
Shuningdek, mazkur tadbirda Andijon viloyati Madaniyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi ham namoyish etildi.
Bunday madaniy-maʼrifiy tadbirlar xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchiligining oldini olish, tazyiq va zo‘ravonlikka barham berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati