30 Iyul 2021 yil 645

Andijon shahrida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda jamoatchilik vakillari bilan hamkorlik

Bugungi kunda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda ichki ishlar organlari hamda jamoatchilik vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.

Mahalla osoyishtaligini taʼminlash va fuqarolar ishonchini oqlashda keng jamoatchilik, xususan, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda faollarini jalb etish samaradorlikka erishishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

Bu boradagi ishlar Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan alohida nazoratga olinib, “mahallabay” va “fuqarobay” ishlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, joriy yilning 29 iyul kuni Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari tashabbusi bilan Andijon viloyati IIB Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasida Andijon shahri hududiga tungi xizmatga jalb qilingan ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi, shahardagi barcha mahalla fuqarolari yig‘inlari raislari hamda boshqa hamkor tashkilot va idoralar vakillari ishtirokida yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Tadbirda shahar hududida kuch-vositalarni to‘g‘ri taqsimlash, jinoyatchilik ahvoli og‘ir mahallalarga qo‘shimcha kuch-vositalarni jalb qilish orqali mahallalarda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish, ayniqsa, tungi vaqtlarda uyushmagan yoshlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, ularning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Bunda, mahalla oqsoqollari va faollari tomonidan yoshlarni qonunga itoatkorlik hamda Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashda o‘zlarining ko‘p yillik ijobiy tajribalaridan foydalangan holda ichki ishlar organlariga yelkadosh bo‘lishlari haqida alohida to‘xtatilib o‘tildi.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmat vaqtida fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish, qonunchilik va xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilish lozimligi taʼkidlandi.

Bu tajribani viloyatning boshqa hududlarida ham tatbiq etish orqali fuqarolarimizni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish va ularni rozi qilish asosiy maqsadimiz ekanligi yana bir bor eslatib o‘tildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech