10 Noyabr 2022 yil 419

Andijon tumanida oila turmush doirasida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama etildi

Andijon  tumani Chavkandaryo MFYda oila turmush doirasida sodir etilgan qotillik jinoyati yuzasidan Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.T.Raxmatullayev boshchiligida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda tuman prokurori, tuman IIB boshlig‘i va xodimlari, mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

So‘z olganlar tomonidan sodir etilgan qotillik jinoyati sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazildi.

Xususan, ushbu jinoyat ham bir kunning o‘zidayoq sodir bo‘lib qolmaganligi, avvaldan bo‘lib kelgan kichik nizolar va o‘zaro tortishuvlar oqibatida yuzaga kelganligi, atrofdagilarning esa bu holatlarga ko‘r-ko‘rona munosabatda bo‘lganligi jiddiy tanqid ostiga olindi. 

Shuningdek, bunday noxush holatlarning yuz berayotganligiga sabab sifatida oilada ota-onalarning farzand tarbiyasiga jiddiy eʼtibor bermayotganliklari hayotiy misollar orqali aytib o‘tildi.   

Bundan tashqari, mahalla raisi, nuroniylar va mahalla faollari ham ushbu holat borasida o‘zlarining fikr mulohazalarini bildirishib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun bor imkoniyatlari bilan harakat qilishlarini taʼkidlab o‘tishdi.

Muhokama yakunida  sodir etilgan qotillik jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini bu joyda ishtirok etganlarning barchasi oila aʼzolari, qarindosh urug‘lari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar yuklatildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech