12 Iyun 2025 yil 459

Andijon tumanida sodir etilgan jinoyat sabablari viloyat prokurori hamda viloyat IIB boshlig‘i tomonidan keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi

Andijon tumanining Jannatmonand mahallasi hududida sodir etilgan og‘ir turdagi jinoyatning kelib chiqish sabablari, jamiyatdagi ijtimoiy-ruhiy muhitga ta’siri hamda profilaktik chora-tadbirlarning samaradorligi masalalari bo‘yicha viloyat prokuraturasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan tanqidiy muhokama tashkil etildi.

Muhokama yig‘ilishida Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Djabarovlar ishtirok etib, jinoyat sodir bo‘lishiga olib kelgan omillar — oilaviy nizolar, jamiyatdagi bee’tiborlik, profilaktik tadbirlar samarasizligi va muayyan mutasaddi organlar faoliyatidagi kamchiliklar aniq faktlar asosida tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Muhokama davomida jinoyatning oldini olish imkoni bo‘lgani, lekin masalaga mas’ul shaxslar o‘z vaqtida zarur choralarni ko‘rmagani keskin tanqid ostiga olinib, mahalla, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, erta ogohlantirish va jinoyatga moyil fuqarolar bilan individual ishlashning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, ota-onalar farzandlarini yonida tig‘li buyumlar olib yurishiga yo‘l qo‘ymasligi, buning oqibati ayanchli yakun topishi mumkinligi hayotiy voqeliklar yordamida aytib o‘tildi.

Bundan tashqari mahalla vakillari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga oid bildirilgan masalalar ham tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha aniq chora- tadbirlar belgilandi.

Tadbir yakunida barcha mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar yuklatildi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech