Andijon tumanida “Zarbdor 10 kun” tezkor-profilaktik tadbiri yakuni bo‘yicha keng jamoatchilik ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi
Andijon tumanida joriy yilning 28 oktyabridan 7-noyabr kuniga qadar huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish yuzasidan “Zarbdor 10 kun” tezkor-profilaktik tadbiri tashkil etildi.
8-noyabr kuni Xalq deputatlari Andijon tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi.Unda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tuman sektor rahbarlari, huquq-tartibot organlari hamda tuman tashkilotlarining masʼul rahbarlari ishtirok etdilar.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan maʼruzalar tinglandi. Xususan, Andijon tumanidagi ijtimoiy-kriminogen vaziyat va jinoyatchilik tahlili yuzasidan Andijon viloyati IIB Tashkiliy boshqarma boshlig‘i podpolkovnik I.Ketmonov batafsil axborot berib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda tumandagi barcha tashkilotlarning hamkorligini yana-da kuchaytirishga alohida urg‘u qaratdi.
Shuningdek, tumanda huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish hamda jinoyatlarni barvaqt oldini olish maqsadida o‘tkazilgan “Zarbdor 10 kun” tezkor-profilaktik tadbirlari davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik M.Mamatmusayevning axboroti tinglanib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida bu kabi kamchiliklarning oldini olish bo‘yicha ko‘plab takliflar bildirilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati