Andijon tumanida “Zarbdor o‘n kun” tezkor-profilaktik tadbiri davom etmoqda
Huquqbuzarliklar o‘z-o‘zidan sodir etilmaydi. Asosiy masala huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etishdan iboratdir. Ayni shu maqsadda Andijon tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish yuzasidan “Zarbdor o‘n kun” tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Tadbirga jami 90 nafar xodimlar hamda 50 nafar jamoatchilik vakillari jalb etilib bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, umumtaʼlim maktablari o‘quvchilari orasida jinoyatchilikning oldini olish, ularning huquqiy ongini oshirish borasida profilaktik targ‘ibot ishlari o‘tkazildi. Unda yoshlarga jinoyatga qo‘l urmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, Vatanga sadoqatli bo‘lish, atrofidagi insonlarga yuksak hurmatda qarash kabi fazilatlarning tub mohiyati hayotiy misollar yordamida tushuntirilib, talonchilik, firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlarning qurboniga aylanib qolmaslik yuzasidan ogohlikka chaqirildilar.
Andijon viloyati IIB JQB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida Andijon tumanida yashovchi fuqaro A.T.ning yonidan kuchli taʼsir etuvchi dori vositalari va 2 dona yelim idishga joylangan 8 bo‘laklarga bo‘lingan og‘irligi 2,64 gramm “GASHISH” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.
Shuningdek, Jinoyat qidiruvi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir davomida xolis mijozlarga 500 ming so‘m miqdoridagi pullar evaziga ikki nafar ayollar bilan “umumiy hammom” niqobi ostida xizmat ko‘rsatib kelayotgan hammomda jinsiy yaqinlik qilishlik uchun sharoit yaratib bergan fuqaro U.N tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlandi.
Joriy yilning 29 oktyabr kuni Andijon tuman hokimligining majlislar zalida o‘tkazilgan “Sayyor sud” jarayonida Probatsiya guruhi hisobida bo‘lib, tayinlangan jazodan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarib, mehnatga halol munosabatda bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 5 nafar nazaorat ostidagi shaxslar jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudiga taqdimnoma kiritish orqali jazolaridan muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi. Shuningdek, belgilangan cheklovlarga amal qilmay, jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan shaxslarning jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.
Ushbu uchrashuvdan so‘ng, “Mehnat yarmarkasi” ham tashkil etilib, 5 nafar nazorat ostidagi shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha yo‘llanmalar berildi va 1 nafar mahkum doimiy ish bilan taʼminlandi.
Viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan yo‘l transporti hodisalarini oldini olishga qaratilgan reyd tadbirlarida tegishli hujjatlari bo‘lmay va spirtli ichimlik ichib avtomashina boshqargan, hamda svetoforning taqiqlovchi ishorasiga amal qilmagan ko‘plab fuqarolarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Hozirda huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish yuzasidan “Zarbdor o‘n kun” tezkor-profilaktik tadbiri davom etmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati