Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida Ichki ishlar va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari hamkorligida “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi doirasida seminar bo‘lib o‘tdi
Andijon viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi, tuman shahar bo‘limlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, profilaktika inspektorlari, shuningdek, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida “Obod va xavfsiz mahalla” konsepsiyasi doirasida tashkil etilgan seminar ochilishida keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla tizimi nufuzini oshirish, mahallani obod va xavfsiz maskanga aylantirish borasida tizimli ishlar olib borilayotganligi ta'kidlandi.
Ishtirokchilar tashkil etilgan ko‘rgazmalar orqali Xo‘jaobod tumanidagi 37 ta mahalla fuqarolar yig‘inida ish hujjatlarini yuritish bo‘yicha olib borilayotgan namunali ishlar bilan tanishdi.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Fuqarolar yig‘inlarida ish hujjatlari va ularni yuritishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” bo‘yicha mahallalarda fuqarolar yig‘ini faoliyatini tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlar yig‘ma jildi, fuqarolar yig‘ini majlisining, fuqarolar yig‘ini kengashi majlisining hujjatlari, shuningdek, yig‘in qoshidagi qator komissiya va jamoatchilik tuzilmalari faoliyatiga oid hujjatlar yuritilishi belgilangan.
Bundan tashqari, fuqarolar yig‘inlarida “Mahalla pasporti”, “Xonadon daftari”, “To‘y hashamlarni o‘tkazishni ro‘yxatga olish daftari”, “Xonadon tomorqa pasporti”, “Umra va hajga ketuvchilarni ro‘yxatga olish daftari”, “Kirish va chiqish hujjatlarini ro‘yxatga olish daftari”, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qayd etish daftari”, “Fuqarolarni qabul qilish daftari” singari qator ish daftarlari yuritiladi.
Seminar doirasida “Obod va xavfsiz mahalla” konsesiyasini amalga oshirish, samarali faoliyat yuritish yuzasidan belgilangan reyting bo‘yicha yuqori ball olgan viloyatdagi qator mahalla fuqarolar yig‘inlarining raislari va profilaktika inspektorlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Har bir tuman, shahardan reyting bo‘yicha eng yuqori bal olgan 4 tadan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, profilaktika inspektorlari viloyat hokimining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Aholi bandligini ta'minlash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar bilan ishlash, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
Mahalladagi mavjud 4 ta ko‘chaga videokameralar o‘rnatilgan bo‘lib, doimiy nazoratga olingan. Profilaktika inspektori, leytenant Oybek Qosimov rahbarligida mahallada faol ko‘ngilli yoshlaridan “Fidokor yoshlar” hamda Nazorat-patrul jamoatchilik guruhlari tuzilgan bo‘lib, ko‘cha va guzarlarimizda, ayniqsa, tungi vaqtlarda tinchlik va osoyishtalikni saqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, seminarda ishtirokchilarga mutaxassislar tomonidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Fuqarolar yig‘inlarida ish hujjatlari va ularni yuritishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ning mazmun-mohiyat, mahallalardagi ish hujjatlari yig‘ma jildi, ish daftarlarini yuritish bo‘yicha tavsiya va tushunchalar berildi.
Seminar qatnashchilarini qiziqtirgan savollarga mutasaddi va mutaxassislar batafsil javob qaytardi.
Mazkur seminar ishtirokchilarning mavzu doirasidagi bilim, tushuncha va tajribalarini yanada boyitishga yordam berdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati