Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Elektron kutubxona” tashkil etildi
Prezidentimizning 2017 yil 13 sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida ichki ishlar organlari xodimlarini, ayniqsa yosh xodimlarni kitobxonlikka da'vat etish, ularning ma'naviyatini yuksaltirish va yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.Tasbaev tashabbusi bilan boshqarma binosida ichki ishlar organlari xodimlari uchun “Elektron kutubxona” tashkil qilindi.
“Elektron kutubxona” to‘g‘risida ma'lumot olish uchun maxsus kutubxona banneri tayyorlangan bo‘lib, foydalanuvchi telefonida kodni skaner qilib, taqdim etilgan havola orqali bazadan o‘ziga kerakli adabiyotning elektron nusxasini bir zumda topishi va yuklab olishi mumkin bo‘ladi.
Xodimlar ushbu elektron kutubxona orqali o‘zlarini qiziqtirgan badiiy, ilmiy, publisistik ruhdagi asarlarni qisqa muddatlarda elektron shaklda ko‘chirib olishlari hamda foydalanishlari mumkin.
Hozirda ichki ishlar xodimlarining kitobxonlik darajasini oshirish hamda elektron kutubxonalar bilan ta'minlash borasidagi ijobiy ishlar har bir shahar-tumanlarda davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati