24 Iyul 2021 yil 695

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning 6 oy yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning 6 oyi davomida viloyat hududida jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yo‘l qo‘yilgan xato va kamchilliklar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor tarzidagi hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Ya.A.Abdulxakov,  Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.T.Raxmatullayev, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman studiyalaridan IIB boshlig‘i va o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tergovchilar, tezkor vakillar hamda profilaktika (katta) inspektorlari ishtirok etishdi.

Dastlab, shu yilning 23 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan fikrlar, mutasaddi rahbarlarga belgilab berilgan vazifalar bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, odamlarning murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning o‘zida bartaraf qilib, ularning roziligini olish to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng, kun tartibiga qo‘yilgan masala yuzasidan Andijon viloyati IIB boshlig‘i   polkovnik A.T.Raxmatullayev  tanishtirib, yig‘ilishni ochib berdi. Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik  S.B.Jabborovning  hisoboti tinglanib, viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan hududlar, jinoyatchilikni jilovlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yib, jinoyatni o‘sishiga sharoit yaratib bergan omillar o‘rganilib, bu borada ichki ishlar bo‘limlari va sohaviy xizmatlarning faoliyatlari chuqur tanqidiy tahlil qilindi.Xususan,talonchilik, firibgarlik, o‘g‘irlik  jinoyatlari o‘sganligi taʼkidlanib,  ushbu jinoyatlarning oldini olishda profilaktik ishlar yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi atroflicha muhokama etildi. Shuningdek, ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida jinoyatchilikni oldini olish, erta aniqlash va ularni jilovlash borasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchilliklar qattiq tanqid qilinib, kelgusida bu boradagi kamchilliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq chora-tadbir va vazifalar belgilab olindi.

Shu bilan birga viloyat hududida namunali jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni hamda qonun buzilishini oldini olishda o‘z xizmat vazifasiga vijdonan  yondashgan, xizmat hududida fuqarolarning ishonchini qozonib, jinoyatdan holi hududga erishgan va boshqa hamkasblariga o‘rnak bo‘la olgan bir guruh xodimlarga IIV rahbariyatining tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.

Yig‘ilish so‘ngida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Tergov departamenti boshlig‘i, polkovnik Ya.A.Abdulxakov soha xodimlariga berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarishga, fuqarolar xavfsizligi hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda tamomila yangicha tizim asosida ish tashkil etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech