30 Iyun 2022 yil 382

Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlariga konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati yetkazildi

Barchamizga maʼlumki, yurtimizda yana bir tarixiy hodisa yuz berish arafasida turibdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy shart-sharoitlar bosh qomusimizni isloh etish zaruratini yuzaga keltirdi. Shu kunga qadar Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan tuzilgan Konstitutsiyaviy Komissiyaga fuqarolarimizdan 62 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi.

Joriy yilning 29-iyun kuni Andijon viloyati IIBda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda boshqarma boshlig‘i polkovnik A.T.Raxmatullayev tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan o‘tkazgan uchrashuvida so‘zlagan nutqi va uning mazmun-mohiyati yetkazildi.

Unda bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon va tobora rivojlanayotgan yangi O‘zbekistonning bosh qomusi, ushbu o‘zgarishlarga mos bo‘lishini ilgari surilgani ayni o‘rinli bo‘lgani taʼkidlanib, davlat rahbarining nutqi va takliflari yig‘ilish qatnashchilariga o‘qib eshittirildi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha xalq fikrini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha aʼzosi Karimov To‘lqin Payziyevich, Konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha aʼzosi Ashmatov Farhod Burxonjonovichlar ham so‘zga chiqib, olib borilayotgan va rejalashtirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 20 iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvidagi so‘zlagan nutqining mazmun-mohiyati Andijon viloyati Adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi Xasanov Alisherbek Baxodir o‘g‘li tomonidan atroflicha yetkazildi.

Yig‘ilish savol-javoblarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Xodimlar tomonidan ham takliflar berildi. Bir so‘z bilan aytganda konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazishga qaratilgan yig‘ilish xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech