13 Fevral 2021 yil 706

Andijon viloyati IIB apparati shaxsiy tarkibi uchun o‘tkazilgan “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi Zahiriddin  Muhammad Boburning 538 yilligiga bag‘ishlandi

2021 yilning 13 fevral kuni Andijon viloyati IIB apparati shaxsiy tarkibi uchun o‘tkazilgan “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi Zahiriddin  Muhammad Boburning 538 yilligiga bag‘ishlandi.

Bobur  xotira maydoniga boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, barcha mustaqil boshqarma, bo‘lim boshliqlari hamda viloyat IIB apparati shaxsiy tarkibi taklif etildi.

Tadbirga taklif etilgan mehmonlarni va shaxsiy tarkibni Andijon “Sanʼat” maktabi orkestr jamoasi chiroyli kuylar sadosi ostida kutib oldi. Xiyobonga “Kitob savdo” yarmarkasi ham tashkillashtirildi. 

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ijro etildi. Shundan so‘ng, Andijon viloyati  IIB boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik  Abduvoxid Imyaminov so‘zga chiqib, ichki ishlar organlari xodimlari uchun o‘tkazilayotgan “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsining bugungi mavzusi   aynan Zahiriddin Muhammad Bobur  tavalludining 538 yilligiga bag‘ishlanganligi, mazkur dars soatini xotira maydonida o‘tkazilayotgani barcha xodimlarda   faxr tuyg‘usini uyg‘otishi, shuningdek, ulug‘ ajdodimizning  vatan tinchligi yo‘lida qilgan unutilmas ishlari barchamizga   dasturi amal bo‘lib xizmat qilishi xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

So‘nggi yillarda buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Boburning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida Andijon davlat universiteti, o‘zbek-adabiyotshunoslik kafedrasi mudiri  dotsent Zokirjon Mamajonov ham nutq so‘zladi. 

Bundan tashqari, Andijon viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan tayyorlangan chiqishlar hamda Ichki ishlar vazirligining Andijon akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan Bobur qalamiga mansub g‘azallar ijro etildi.

“Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi so‘ngida Ichki ishlar vaziri hamda boshqarma boshlig‘ining shaxsiy tarkib bo‘yicha buyruqlari bilan bir guruh xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar tantanali ravishda topshirildi.

Albatta o‘tkazilgan bu tadbir davlat arbobi va sarkarda sifatida nom qozongan Zahiriddin muhammad Boburga bo‘lgan cheksiz hurmat tuyg‘usini yana-da shakllantiradi. Xodimlarni vatanparvarlik va umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, komillikka yetaklash, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashda muhim maʼnaviy qalqon vazifasini o‘taydi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech