Andijon viloyati IIB boshlig‘i Marhamat tumanida aholi murojaatlarini o‘rganish va hal etish yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi
Joriy yilning 23-noyabr kuni Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.T.Raxmatullayev Marhamat tumanida joylashgan Nayman MFY aholisining murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan kelib tushgan 29 ta murojaat tinglandi. Sog‘liqni saqlash, imtiyozli kredit olish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar rasmiylashtirish, probatsiya hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ozod qilish, yashash xonadonida qurilish ishlarini yakunlash uchun zaruriy mahsulotlarni yetkazib berish hamda boshqa turli masalalarda qilingan murojaatlar shular jumlasidandir.
Murojaat qilgan 27 nafar fuqaroning masalalari joyida ijobiy hal etilib, qolgan 2 ta murojaat tegishli tartibda ijroga yo‘naltirildi.
Shuningdek, 7 nafar fuqaroga 5 million so‘mlik imtiyozli kredit sertifikatlari, 3 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 1 nafar fuqaroga davolanish uchun order berildi.
Bundan tashqari, 5 nafar shaxsga O‘zbekiston respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar shaxsan boshqarma boshlig‘i tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Murojaatlar qo‘shimcha o‘rganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun yurituvga olinib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli sohaviy xizmat rahbarlariga zaruriy ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati