Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari Ulug‘nor tumanida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi
Bugun yurtimizda xalq bilan muloqotning ochiq va samarali mexanizmlari hayotga tatbiq etilmoqda. Natijada yurtdoshlarimizni o‘ylantirayotgan muammolar chuqur o‘rganilib, ularning yechimiga keng yo‘l ochilyapti.
Xususan, joriy yilning 30 mart kuni Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik M.M.Mamatmusayev tomonidan Ulug‘nor tumani, Ulug‘bek MFYda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan o‘tkazilgan sayyor qabulda ham aholi muammolari chuqur o‘rganilib, ularning aksariyatiga amaliy yechim topildi.
Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan kelib tushgan 24 ta murojaat tinglanib, ularning masalalari tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish uchun kredit olish, sog‘ligini tiklash uchun yordam ko‘rsatish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportini olish hamda boshqa turli masalalarda kelib tushgan ko‘plab murojaatlar joyida ijobiy hal etildi.
Fuqarolardan kelib tushgan 11 ta murojaat joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan 13 tasi tegishli tartibda ijroga yo‘naltirildi. Sayyor qabul yakunida 5 nafar o‘g‘il-qizlarga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID-kartalari topshirildi.
Shuningdek, muddat talab qiladigan muammolarning bartaraf etilishi yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga bir qator vazifalar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati