Andijon viloyati IIB xodimlari o‘rtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida ularning ota-onalari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvlar o‘tkazildi
Andijon viloyati IIB boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan reja topshiriqqa asosan, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Ya.A.Abdulhaqov va boshqa masʼul xodimlar tomonidan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari, EKB, M va FRB xodimlari hamda ularning ota-onalari bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘tkazilgan yig‘ilishlar davomida, barcha shaxsiy tarkibga so‘ngi vaqtlarda ichki ishlar organlari tomonidan bir qator yutuqlarga erishib kelinayotganligi, biroq amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarga qaramasdan, hali-hanuzgacha ayrim xodimlar tomonidan tamagirlik holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi, buning oqibatida esa yuzaga kelayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir oqibatlar Vazirlik hamda boshqarma rahbariyatini qattiq tashvishga solayotganligi hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.
Shuningdek, joylardagi birinchi va o‘rta bo‘g‘in rahbarlari belgilangan vazifalarning ijrosiga o‘ta masʼuliyatsizlik va beparvolik bilan yondashib, qo‘l ostidagi xodimlarning kunlik faoliyati ustidan nazoratni o‘z holiga tashlab qo‘yganliklari jiddiy tanqid ostiga olindi.
Shu sababli ham yuqoridagi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarishlari, fuqarolarning huquq va erkinliklarini qatʼiy tartibda taʼminlash zarur ekanligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, xodimlar bilan bog‘liq sodir etilgan jinoyatlar shaxsiy tarkib va ularning ota onalariga to‘liq yetkazilib, uning oqibatida yuzaga kelgan ayanchli holatlarni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar chuqur tahlillar asosida tushuntirildi.
Mazkur uchrashuvda ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etish, ular tomonidan tamagirlikka yo‘l qo‘ymaslik eng asosiy masalalardan biri ekanligi qayd etilib, Tergov boshqarmasi rahbariyati bilan ota-onalarning doimiy aloqasini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib olindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati