Andijon viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi tomonidan viloyatning umumiy o‘rta taʼlim muassasalari psixologlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5050-sonli qarorida, O‘zbekiston Respublikasining barcha tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog lavozimlarini joriy etish hamda ularning bevosita xizmat o‘tash joyi umumiy o‘rta taʼlim muassasalari bo‘lishi belgilab berilgan.
Jumladan, mazkur qarorga asosan, 2021 yilda umumiy o‘rta taʼlim muassasalarining 2000 ta psixolog shtat birligini joriy yilning 1 iyulidan qisqartirish evaziga 1100 ta inspektor-psixolog shtat birligi kiritiladi va 2022 yilda qo‘shimcha 900 ta shtat birligini kiritish orqali ularning soni 2000 tagacha yetkaziladi.
Yuqoridagilarga asosan, Andijon viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi tomonidan viloyatning barcha umumiy o‘rta taʼlim muassasalari psixologlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilab olinib, bugungi kunga qadar Andijon shahar, Oltinko‘l, Andijon, Izboskan va Paxtaobod tumanlarining umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida psixolog lavozimida ishlab kelayotgan mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
O‘tkazilgan uchrashuvlarda kelgusida ichki ishlar organlari xizmatiga kirish istagini bildirgan fuqarolarga xizmatga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik A.Imyaminov tomonidan tegishli tushunchalar berib o‘tildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati