Andijon viloyati IIB masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Bo‘ston tumanidagi “Xalqobod” MFYda kambag‘allikni qisqartirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda
Andijon viloyati IIB masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Bo‘ston tumanida “Xalqobod” MFYda kambag‘allikni qisqartirish, aholini ish bilan taʼminlash, muammolarni aniqlash va joyida bartaraf etish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
“Xalqobod” mahallasida bugungi kunda 661 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 3482 nafar aholi istiqomat qiladi. 2021-yilning 11 oyi davomida mahalla hududida olib borilgan profilaktik ishlar natijasida jinoyat qayd qilinmadi.
Ishchi guruh tomonidan Xalqobod MFYdagi Nodira, Bobur, Yuqorixosil va Shaftolizor ko‘chalarida yashovchi zotli qoratovuqlarni boqish istagini bildirgan 16 nafar fuqaroning xonadonlariga borib o‘rganilganida, haqiqatdan ham ularda parranda boqish uchun sharoitlari mavjudligi aniqlandi.
Shunga asosan, ishchi guruhning sayi-harakatlari natijasida tumandagi Dehqonobod MFY da joylashgan “Chikken xaus” masʼuliyati cheklangan jamiyati fuqarolarga parranda yetkazib berishni o‘z zimmasiga oldi.
Shuningdek, fuqarolarga zotli qoratovuqlarni boqish, ularni parvarishlash hamda ulardan daromad olish usullarini o‘rgatish maqsadida Bo‘ston tumani “Bo‘z broyleri” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda MFY idorasida fuqarolarni o‘qitish uchun o‘quv xonasi tashkil qilindi.
Bundan tashqari, parranda sanoatini rivojlantirish, fuqarolarni tovuq boqishga qiziqtirish maqsadida ko‘rgazmali bannerlar tayyorlanib, aholi eʼtiboriga havola qilindi.
“Xalqobod” Mahallasida jami 20 kilometr ichki yo‘llar mavjud bo‘lib, shundan, taʼmirtalab yo‘llar 8 kilometrni tashkil etadi. Bobur va Shaftolizor ko‘chalariga tegishli 1250 metr tuproqli yo‘lda ishchi guruhi tomonidan shag‘allashtirish ishlari tashkil qilinib,60 ta yuk avtomashinasida ushbu hududlarga shag‘al to‘kilishi rejalashtirildi.
Tuman yo‘l taʼmirlash tashkiloti hamda tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda mahalla yo‘llari chetidagi 350 metr beton to‘siqlar hamda simyog‘ochlarga rang berildi. Yo‘l chetidagi qarovsiz holda turgan, qurigan o‘tlar va axlatlar tozalandi.
Tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan hamkorlikda Xalqabod MFY atrofidagi simyog‘ochlarga projektorlar o‘rnatilib, tunda yoritish choralari ko‘rildi. Bundan tashqari MFY idorasi yonida bunyod etilgan bolalar sport maydonchasi qayta taʼmirlanib, bo‘yaldi.
Shuningdek,ishchi guruh aʼzolari tomonidan MFY raisi hamda hududiy profilaktika inspektori bilan hamkorlikda xonadonma-xonadon yurilib, hududda yashovchi fuqarolar orasida mahalla ko‘cha va yo‘llarni tozalash, sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilishi borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Mahallada jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka yo‘l qo‘ymaslik maqsadida MFYda probatsiya hisobida turgan 6 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularda mavjud muammolar o‘rganildi. Ularga to‘la tuzalish yo‘liga o‘tish, ijtimoiy foydali faoliyat bilan shug‘ullanish, qayta jinoyat sodir etmasligi borasida kerakli tushuncha va tavsiyalar berildi.
MFYda yashovchi “Temir daftar”ga kiritilgan, 1-guruh nogironi, falajlik kasali bilan og‘ruvchi Asqarov Abdumutalni davolanishi uchun mahalla jamg‘armasi tomonidan 1.080.000 so‘m miqdorida pul ajratilishi taʼminlandi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan R.Nishonova va T.Azimovalarga mahalla jamg‘armasidan 540.000 so‘mdan, U.Raximovga homiylar tomonidan 650.000 so‘m moddiy ko‘mak berilishi taʼminlandi.
Hozirda bu kabi amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati