Andijon viloyati IIB tashabbusi bilan ulug‘ bobokalonlarimizning tavallud kunlariga bag‘ishlangan hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan bayram tadbiri o‘tkazildi
2022-yil 11-fevral kuni Andijon shahridagi Bobur xotira maydonida Andijon viloyati IIB rahbariyatining tashabbusi bilan buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi hamda shoh va shoir, davlat arbobi, buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539-yilligiga, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan bayram tadbiri o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tadbirga Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbariyati, taniqli sportchilar, adabiyotshunos, shoir va yozuvchilar, Ichki ishlar vazirligi Andijon akademik litseyi hamda umumtaʼlim maktablarining o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbirda Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Abduvohid Imyaminov so‘z olib, buyuk shoir va mutafakkirlar Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlariga bag‘ishlanib o‘tkazilayotgan tadbir ichki ishlar tizimi xodimlari, ayniqsa, yoshlar qalbida ulug‘ ajdodlarimizga bo‘lgan hurmat, ona Vatanimizga muhabbat, shuningdek, ularning Vatan shuhratini oshirish, tinchlik, bunyodkorlik borasida amalga oshirgan ishlaridan faxr-iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Tadbir davomida, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Murodbek G‘ofurov va boshqalar so‘z olishib, mamalakatimizda bu ikki buyuk ajdodlarimizning boy va serqirra ijodiy merosini chuqur o‘rganish, ularning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilayotganligi haqida aytib o‘tildi. IIV Andijon akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga mansub bo‘lgan g‘azal va ruboiylardan namunalar keltirildi.
Shuningdek, Andijon viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan tayyorlangan Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Boburni madh etuvchi sahna ko‘rinishlari va sheʼriy chiqishlari tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga namoyish etildi.
Bundan tashqari, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ichki ishlar organlari faoliyatiga oid bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida, Andijon viloyati sport maktabi o‘quvchilari hamda Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimlari tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilariga ichki ishlar organlaridagi maxsus himoya vositalari, jangovar va xizmat avtomashinalari, qurol-yarog‘ va boshqa uskunalar, kiyim-boshlar namoyish etildi. Tadbirda yoshlar barcha texnika va maxsus vositalar bilan yaqindan tanishdilar. Ichki ishlar organlari xodimlaridagi jasurlik, mardlik, faxr-iftixor, Vatanga muhabbat, milliy istiqlol g‘oyalariga sodiqlik, fuqarolarda ichki ishlar organlariga hurmat tuyg‘usini shakllantirishga yo‘naltirilgan tadbir bir so‘z bilan aytganda yosh avlod vakillarida o‘zgacha taassurot qoldirdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati