Andijon viloyatida “Cyber Week” targ‘ibot tadbirlari doirasida OAV vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi
Andijon viloyati hududida 2023-yil 5-12-iyun kunlari “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasida kiberjinoyatchilikni oldini olish va fuqarolarni kibertahdidlardan ogoh qilishga yo‘naltirilgan “Cyber Week” nomli kompleks targ‘ibot tadbiri start oldi.
Shu munosabat bugun 5-iyun kuni Andijon viloyati IIBda “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi” doirasida amalga oshiriladigan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumaniga viloyatdagi jurnalist, bloger hamda ijtimoiy tarmoq faollari taklif qilindi.
Dastlab, viloyat IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.K.Giyasov tomonidan bugungi kunda kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar, ularga qarshi kurashish va bu turdagi jinoyatlardan jabrlanib qolishga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida maʼlumot berilib, fuqarolarning savodxonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilishiga qaramay, bu turdagi jinoyatlar salmog‘i ortib borayotgani aniq misollar yordamida aytib o‘tildi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi masʼul xodimi tomonidan 5-12 iyun kunlari Andijon viloyatida barcha korxona, muassasa va tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan 12 turdagi profilaktik chora-tadbirlar to‘g‘risida ham atroflicha maʼlumotlar yetkazildi.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan berilgan savollar va bildirilgan takliflarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berilib, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha kelishib olindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati