25 Oktyabr 2025 yil 199

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Sanjar Djabarovning 25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

 Andijon viloyati ichki ishlar organlarning har bir xodimini va nafaqadagi faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila a’zolarini  25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Bu sana yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan barcha soha vakillarining mehnatini yuksak qadrlash, ularga chuqur hurmat va minnatdorlik bildirish kunidir.

Bugun ichki ishlar organlari jamoasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli jamiyatimizda xavfsizlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishda salmoqli natijalarga erishmoqda. Bu borada Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining mas’uliyatli, halol va sadoqatli xizmati alohida e’tirofga sazovordir.

Fursatdan foydalanib, o‘z xizmat burchini ado etish jarayonida qahramonlarcha halok bo‘lgan hamkasblarimizni chuqur hurmat va ehtirom bilan yod etamiz. Ular el-yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan haqiqiy vatandoshlardir. Ularning muqaddas xotirasi yurtimiz xalqining qalbida abadiy saqlanib qoladi. Shuningdek, bugun biz ularning oila a’zolari, farzandlari va yaqinlariga ham samimiy minnatdorlik va e’tibor izhor etamiz — sizlar bizning hamkasblarimiz, katta oilamiz a’zolarisiz.

Hurmatli hamkasblar!

Sizning fidokorligingiz, mas’uliyatingiz va xalqqa bo‘lgan sadoqatingiz tufayli yurtimiz tinch, el-yurtimiz osoyishta. Kelgusida ham birgalikda yurtimiz ravnaqi, xalqimiz tinchligi va farzandlarimiz baxti uchun sidqidildan xizmat qilishda davom etamiz.

Sizlarga sog‘lik-salomatlik, oilalaringizga tinchlik, baxt va farovonlik, xizmatingizda katta zafarlar tilayman! Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz hamkasblar!

Hurmat bilan, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik S.B.Djabarov

2025-yil 25-oktyabr.

Text to speech