24 May 2025 yil 2625

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining maktab bitiruvchilariga tabrigi!

Aziz bitiruvchilar!

Sizlarni ta’lim yo‘lidagi muhim va mas’uliyatli bosqich — maktabni muvaffaqiyatli yakunlaganingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Bugungi kunda sizlar — Vatanimizning ertangi porloq kelajagini yaratishda muhim o‘rin egallaydigan, yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadigan yetuk va ilg‘or avlod sifatida sahnaga chiqyapsizlar. Maktab yillarida olgan bilim va tarbiyangiz, ustozlaringiz va ota-onalaringiz mehnati — bugungi muvaffaqiyatlaringiz zaminidir.

Har biringizning oldingizda keng imkoniyatlar, yangi sinovlar va maqsadlar turadi. Qanday kasb egasi bo‘lishingizdan qat’i nazar, o‘z vazifangizni sidqidildan bajaring, xalqimizga, Vatanimizga sodiq bo‘ling. Qonunga va tartibga rioya etish, yurt tinchligi va xavfsizligi — har bir fuqaroning muqaddas burchidir.

Biz, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, sizlarning tinch va xavfsiz hayotingiz uchun xizmat qilishdan faxrlanamiz. Kelajakda oralaringizdan Vatanga sodiq ichki ishlar xodimlari, davlat xizmatida faol ishlaydigan vatanparvar yoshlar yetishib chiqishiga ishonaman.

Yana bir bor barchangizni shu qutlug‘ kun bilan muborakbod etaman. Oldingizdagi hayot yo‘li faravon va barakali bo‘lsin!

Hurmat bilan, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik S.B.Djabarov

2025-yil 24-may.

Text to speech