Andijon viloyati ichki ishlar organlarida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan va olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlar hamda xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan amaldagi xodimlarning farzandlariga davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilyapti. Bu borada bir qator amaliy chora tadbirlar belgilab berilib, ijrosi ta’minlanmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-fevral kungi “ICHKI ISHLAR ORGANLARI XODIMLARI VA ULARNING OILA A’ZOLARINI IJTIMOIY HIMOYA QILISHNI YANADA KUCHAYTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA” gi Qarorining qabul qilinishi ham soha xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab quvvatlashning yorqin misoli desak adashmagan bo‘lamiz.
Mazkur qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlarida xizmat olib borib, xizmat faoliyati davomida terrorizm, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlar hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan amaldagi xodimlarning farzandlariga davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun imtiyoz beruvchi tavsiyanomalar berilishi belgilangan.
Yuqoridagi qaror talablariga asosan joriy yilda Andijon viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan 130 dan ziyod xodimlarning 141 nafar farzandlariga Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan tasdiqlangan tavsiyanomalar berildi.
Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida bo‘lib o‘tgan tadbirda boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov tomonidan xodimlar va ularning farzandlariga berilgan tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi.
Barcha xodimlarning farzandlariga mazkur tavsiyanomalar asosida Davlat ta’lim muassasalariga o‘qishga muvaffaqiyatli qabul qilinishlarini tilab qolamiz!
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati