14 Mart 2024 yil 993

Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov tomonidan ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi hamda ularning ota-onalari ishtirokida xizmat intizomi va qonuniylikka qatʼiy amal qilinishini taʼminlashga qaratilgan profilaktik tadbir o‘tkazildi

Joriy yilning 13-mart kuni Andijon viloyati IIBda "Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida salbiy holatlarni oldini olish, xodimlarning ruhiy salomatligini muhofaza qilish, jamoalardagi maʼnaviy-ruhiy muhit barqarorligini taʼminlash” mavzusida  yig‘ilish tashkil etildi.

Tadbir ishtirokchilari eʼtiboriga oilada ota-onaning farzandlariga beradigan tarbiyasi kelajakda naqadar katta ahamiyat kasb etishi hamda tarbiya borasidagi befarqlikning achchiq qismati aks ettirilgan taʼsirchan videorolik namoyish etilib, barcha ogohlikka chaqirildi.

Shuningdek, "Sayyid Muhyiddin Maxdum" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Jamolov Nodirbek tomonidan farzand tarbiyasi va uning doimiy nazorati, shuningdek, qimor, tamagirlik va poraxo‘rlik kabi jirkanch illatlar muqaddas dinimizdan qattiq qoralanishi va bu illatlar taʼsiriga tushganlarning yakuni yaxshilik bilan tugamasligi haqida diniy manbalardan misollar keltirib o‘tildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi IIV SHXBB Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi masʼul xodimi tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, salbiy holatlar yuzaga kelishini oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida  majlis ishtirokchilariga tushuntirish ishlari olib borildi.

Yig‘ilish yakunida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Jonibek Davronov xodimlar va ularning ota-onalariga kelgusida tizim faoliyatida olib borilishi kerak bo‘lgan vazifalar bo‘yicha ko‘rsatma va takliflarini berib o‘tdi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech